Samarqand viloyati Samarqand tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur Nizom bilan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash maktabgacha ta'lim muassasasining pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta'lim muassasasiga hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 528-son «Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq davlat maktabgacha ta'lim muassasalarida (bundan buyon matnda maktabgacha ta'lim muassasasi deb yuritiladi) tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlashni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob Umumiy qoidalar
1. Maktabgacha ta'lim muassasasida bolalarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlash maktabgacha ta'lim muassasasining pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha ta'lim muassasasiga hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sog‘lig‘ini mustahkamlashni tashkil etilishi uchun mas'ul hisoblanadi.
3. Bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qabul qilishda davlat maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari tomonidan bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni mazkur Nizom bilan tanishtirish tavsiya etiladi.
2-bob. Maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilishni tashkil etish
4. Tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish maqsadida maktabgacha ta'lim muassasasida telefon apparatlari mavjud bo‘lgan joylarda, shuningdek barcha xodimlar kirishi va ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylardagi e'lonlar taxtasiga yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, tez tibbiy yordam xizmatlari hamda ichki ishlar organlarining telefon raqamlari ko‘rsatilgan ma'lumotlar osib qo‘yiladi.
5. Maktabgacha ta'lim muassasasining guruh tarbiyachisida tarbiyalanuvchilarning yashash manzili, shuningdek ularning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan telefon raqamlari yoki boshqa aloqa vositalari haqidagi ma'lumotlar bo‘lishi zarur.
6. Tarbiyalanuvchi maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lgan vaqtda sog‘lig‘ining yomonlashuvi, shuningdek boshqa noxush holatlar kuzatilgan hollarda maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari tomonidan zudlik bilan tibbiyot hamshirasiga, shuningdek tarbiyalanuvchining ota-onasiga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga xabar beriladi. Bunda tarbiyalanuvchining ota-onasi yoki ularning o‘rinini bosuvchi shaxslar yetib kelgunga qadar tibbiyot xodimi tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim.
Tarbiyalanuvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga kuzatilgan holat va ko‘rsatilgan birinchi tibbiy yordam haqida to‘liq ma'lumot beriladi.
7. Tarbiyalanuvchilar maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lgan vaqtda ularni yolg‘iz va nazoratsiz qoldirish taqiqlanadi.
8. Tarbiyalanuvchilarni maktabgacha ta'lim muassasasi hududidan tashqariga sayr yoki ekskursiyalarga olib chiqish ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
9. Tarbiyalanuvchilar uchun maktabgacha ta'lim muassasasi hududidan tashqarida sayr yoki ekskursiyalar rejalashtirilganda maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar xabardor qilinishi shart.
10. Tarbiyalanuvchilar maktabgacha ta'lim muassasasi hududidan tashqariga sayr yoki ekskursiyalarga olib chiqilganda guruh kamida 2 nafar xodim bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim. Bunda xodimlarning biri safning oldida, ikkinchisi safning orqasida harakatlanib boradi.
11. Tarbiyalanuvchilarni maktabgacha ta'lim muassasasiga olib kelish va olib ketishda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs tarbiyalanuvchini shaxsan guruh tarbiyachisiga topshirishi, shuningdek uni olib ketishda guruh tarbiyachisi tarbiyalanuvchini uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsga topshirishi lozim.
12. Maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilar xavfsizligini ta'minlash hamda ular uchun zarur sharoitlarni yaratilishini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv moslamalari o‘rnatilishi mumkin.
13. Maktabgacha ta'lim muassasasining har bir qavatida hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylarda favqulodda vaziyatlar yuz bergan hollarda tarbiyalanuvchilarni evakuatsiya qilish rejasi joylashtiriladi.
14. Tungi guruhi bo‘lgan maktabgacha ta'lim muassasasining navbatchisi yoki tungi tarbiyachisi har kuni soat 19:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yong‘in xavfsizligi idoralariga maktabgacha ta'lim muassasasida mavjud bolalar va xodimlar soni haqida ma'lumot beradi.
15. Maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish maqsadida:
maktabgacha ta'lim muassasasi hududiga kirish eshigiga qo‘ng‘iroq o‘rnatilishi;
guruhda mavjud bo‘lgan javon, ilgak, portretlar, shuningdek gul tuvaklarini joylashtirishga mo‘ljallangan maxsus moslamalar devor yoki polga mahkamlab qo‘yilishi lozim.
16. Maktabgacha ta'lim muassasasi hududida, shuningdek guruhlarda inson uchun xavfli bo‘lgan o‘simlik va buyumlardan foydalanish taqiqlanadi.
3-bob. Maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘ini mustahkamlashni tashkil etish
17. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish davlat maktabgacha ta'lim muassasasining tibbiyot hamshirasi hamda maktabgacha ta'lim muassasasiga hududiy sog‘liqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Guruh tarbiyachisi ertalab tarbiyalanuvchilarni qabul qilib olgandan keyin, tarbiyalanuvchilarning sog‘ligi guruh tarbiyachilari tomonidan hamshira nazoratida ko‘rikdan o‘tkaziladi.
19. Yoz mavsumida tarbiyalanuvchilar sayr va ekskursiyalarga yengil bosh kiyimlari bo‘lgan holda olib chiqiladi.
20. Tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘ini mustahkamlash maqsadida maktabgacha ta'lim muassasasida quyosh vannalari, suv havzalarida cho‘milish, turli jismoniy tarbiya tadbirlari tashkil etiladi. Bunda mazkur tadbirlar guruh tarbiyachilari va tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshiriladi.
21. Jismoniy tarbiya tadbirlari ertalabki badantarbiya va turli o‘yinlar shaklida amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
22. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishilgan.
(Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 15.05.2018 y., 10/18/3012/1219-son)

Kiritilgan vaqti: 20/05/2018 10:56;   Ko‘rilganligi: 561
 
Material manzili: http://samtmtb.uz/oz/news/bolalarning-hayoti-va-sogligini-muhofaza-qilishni-tashkil-etish-tartibi-togrisidagi-nizom-adliya-vazirligida-davlat-royxatidan-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 26/11/2020 12:26