Samarqand viloyati Samarqand tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

RADIODA SHE'R AYTAMIZ, AUDIO ERTAK ESHITAMIZ

Bog‘cha bu ko‘pchiligimizning beg‘ubor damlarimiz kechgan, “bormayman” deb xarxasha qilganimizda ota-onamiz  evaziga nimanidir va'da berib borishga undagan maskandir.  Bu yerda samimiylik, poklik  bor. Bolalar dunyosi  zum bo‘lsa-da sizni tashvishlardan, charchoqlardan xoli qiladi. 

Viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan OAV xodimlarini “Viloyatdagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishtirish” maqsadida tashkil etilgan press-tur doirasida jurnalistlar jajjilar maskanidagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Dastlab, Samarqand tumanidagi “Yulduzcha” Oilaviy NMTT faoliyati, bu yerdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatishdi. 25 o‘rinli mazkur Oilaviy bog‘cha bolajonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Oqdaryo tumanidagi DXSH asosidagi “Millat xazinasi” nomli nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati, bolalarning mashg‘ulotlarda erkinligi press-tur ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi.

2019 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan 250 o‘rinli mazkur bog‘chada bolajonlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ayniqsa, jajjilar musiqiy mashg‘ulotlarni ishtiyoq bilan bajarishadi. Ta'lim-tarbiya zamon talablari asosida olib borilmoqda.
Keyingi manzil Samarqand shahridagi 27-DMTT bo‘ldi. Bayramona tarzda kutib olingan mehmonlar bog‘chada tashkil etilgan kichik radio studiya bilan tanishar ekanlar, unda bolajonlar mikrofon oldida tengdoshlariga she'r, qo‘shiqlarni yo‘llashlariga guvoh bo‘lishdi.

-Bu bolaning nutqini ravon, o‘ziga ishonchini oshirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, -deydi mazkur MTT direktori Mohigul Karimova. Press-tur doirasida tarbiyalanuvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy chiqishlar ham namoyish etildi.

Samarqand shahridagi 48-DMTT 240 o‘ringa mo‘ljallangan. 2020 yil Investitsiya dasturi doirasida 6 milliard 800 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bino bugungi kunda ko‘rkam, zamonaviylikka milliylik uyg‘unlashgan holda afsonaviy maskanga aylangan. Tashkilotga kirverishingiz bilan orastalik, yashillik olamidan bahri dilingiz ochiladi. Guruhlar bolalar olamiga xos, ertakmonand tarzda jihozlangan. Jajjilar maskanida “Ilk qadam” Davlat dasturi asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. OAV xodimlari muassasadagi sharoit va imkoniyatlar, zamonaviy kutubxona faoliyatini alohida e'tirof etishdi.

Viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi Axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 06/07/2021 09:36;   Ko‘rilganligi: 19
 
Material manzili: http://samtmtb.uz/oz/news/radioda-sher-aytamiz-audio-ertak-eshitamiz
Chop etilgan vaqti: 27/07/2021 03:10