Samarqand viloyati Samarqand tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Xususiy bolalar bog‘chasi ochish: imkoniyatlar qanday?

Hujjatda maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikning (DXSH) quyidagi shakllarini joriy etish nazarda tutiladi:

  • nodavlat MTM binolarini qurish uchun tekin asosda yer uchastkalarini, shu jumladan faoliyat ko‘rsatayotgan davlat MTM hududidagi yer uchastkalarini doimiy foydalanishga taqdim etish – 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
  • keyinchalik otaliqqa olish bilan mavjud davlat MTMni  rekonstruksiya qilish va jihozlash sharti bilan nodavlat bolalar bog‘chalari obyektlarini qurish uchun yer uchastkalarini tekin asosda taqdim etish – 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
  • konsessiya (davlat tomonidan yer uchastkalariga, binolarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqining konsessiyachi foydasiga voz kechish shartnomasi) asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish – 15 yilgacha;
  • bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari, jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat MTM binolarini “nol” xarid qiymatida sotish – 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
  • davlat MTMning foydalanilmayotgan binolari yoki to‘ldirilmagan korpuslarini – 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga maqsadli ravishda uzoq muddat tekin foydalanish uchun xususiy sheriklarga taqdim etish;
  • xususiy sherik mulki asosida tashkil etilgan nodavlat MTMni moddiy-texnik va moliyaviy jihatdan ta'minlash –  10 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
  • oilaviy nodavlat MTMni moddiy-texnik va metodik ta'minlash –3 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
  • otaliqqa olish ko‘rinishida filantropik faoliyat – 1 yildan kam bo‘lmagan muddatga.

Sheriklikning boshqa shakllari ham bo‘lishi mumkin.

DXSH Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijasiga asosan tuziladigan bitim asosida amalga oshiriladi.

Bunda xususiy sheriklarga investitsiya majburiyatlarining quyidagi turlari yuklanadi:

  • ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar tarbiyalanuvchilarining muayyan miqdorini o‘qitish va ular uchun ota-onalar to‘lovining imtiyozli miqdorini belgilash (mazkur joydagi davlat MTM uchun belgilangan miqdordan oshmaydigan miqdorda);
  • xususiy sherikka biriktirilgan davlat MTMni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash va jihozlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish.

 Xususiy sheriklarni moliyalashtirish

Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi – davlat MTMning bitta tarbiyalanuvchisi uchun xarajatlar summasining 50%igacha. Moliyalashtirish mablag‘lari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining alohida ochiladigan hisobvarag‘ida jamg‘ariladi. Jumladan Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining kreditlari maxsus hisobvaraqni shakllantirish manbalariga aylanadi.

Maxsus hisobvaraq mablag‘lari tijorat banklariga foizsiz asosda nodavlat MTMni tashkil etish maqsadida ko‘chmas mulk sotib olishni imtiyozli kreditlash uchun, aynan:

  • qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilgan arzon uy-joylarni,
  • ko‘p xonadonli uylarning I-II qavatlaridagi xonadonlarni sotib olish uchun taqdim etiladi.

Shuningdek, kreditlar DXSH to‘g‘risidagi bitim obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ham uchun ajratiladi.

Maxsus hisobvaraq mablag‘lari hisobidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan maktabgacha ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik subyektlariga yillik 1% stavka bo‘yicha 15 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilanajratiladi.

DXSH sharti asosida tashkil etilgan muassasalar uchun soliq imtiyozlari haqida bu yerda o‘qing.

 DXSH bo‘yicha loyihalarda qanday tashabbus ko‘rsatiladi va tanlov qanday o‘tkaziladi

Nodavlat maktabgacha ta'lim xizmatlari ko‘rsatish istagida bo‘lgan subyekt Maktabgacha ta'lim vazirligiga tegishli arizani beradi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • xususiy sherikning nomi va joylashgan joyi – yuridik shaxslar uchun, shaxsiy ma'lumotlari va yashash manzili  – jismoniy shaxslar uchun;
  • loyihani amalga oshirish maqsadlari;
  • nazarda tutilayotgan bitim obyekti yoki yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar.

Kelib tushgan ariza Vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Ulardan ijobiy xulosalar olinganidan keyin tanlov e'lon qilinadi. Tanlov, shuningdek, vazirlik tashabbusi bilan ham o‘tkazilishi mumkin. 

U boshlanishidan 30 kun oldin vazirlikning sayti va boshqa OAVlarda, ijtimoiy tarmoqlarda tanlov savdolari o‘tkazilishi haqidagi e'lon joylashtiriladi. Tanlovda ishtirok etish uchun xususiy sherik quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Vazirlikka buyurtma topshiradi:

  • yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari – jismoniy shaxs uchun;
  • buyurtma taqdim etilishidan ko‘pi bilan 1 oy oldin muddatda soliqlar, yig‘imlar, boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi hamda boshqa moliyaviy sanksiyalar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
  • loyihani amalga oshirishning moliyaviy imkoniyatlarini tasdiqlovchi - sof aktivlar, loyiha qiymatining kamida 25%i miqdorida boshqa tashkilotning kafilligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;
  • MTM binosini qurish (rekonstruksiya qilish) uchun eskizli loyiha taklifi;
  • bino qurilishi uchun dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar;
  • ariza ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (EKIHning 1 baravari).

Ariza maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi, tanlov taklifi loyihani amalga oshirish uchun eng maqbul deb topilgan ishtirokchi tanlov g‘olibiga aylanadi. 10 kun ichida u bilan DXSH to‘g‘risidagi bitim tuziladi.


Kiritilgan vaqti: 01/05/2018 09:40;   Ko‘rilganligi: 576
 
Material manzili: http://samtmtb.uz/oz/news/xususiy-bolalar-bogchasi-ochish-imkoniyatlar-qanday
Chop etilgan vaqti: 26/11/2020 12:25