Samarqand viloyati Samarqand tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Xususiy bolalar bog‘chasini rivojlantirishga subsidiyalar qanday olinadi?

Kredit ajratish shartlari
Kreditlash uchun ajratiladigan mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasida alohida ochiladigan maxsus hisobvaraqda jamlanadi. Bunda Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi tijorat banklari bilan kelishuv tuzadi.

MTV bilan sherikchilik to‘g‘risida tuzilgan bitimlarning yagona reestriga kiritilgan xususiy sheriklar kredit olishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladilar.
Tijorat banklari tomonidan 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yil muddatga yillik 1% stavkada kreditlar ajratiladi.  
 Davlat subsidiyasini qanday olish mumkin 

Ajratiladigan subsidiyalar miqdorlari xususiy bolalar bog‘chasining bir nafar tarbiyalanuvchisiga (9 va 10,5 soatlik ish rejimidagi) sarflanadigan xarajatlar summasining quyidagi miqdorlarida belgilanadi:
 
• Toshkentda – 30%;
• Nukus shahri hamda viloyat markazlarida – 40%;
• qolgan hududlarda – 50%.
 Bir nafar tarbiyalanuvchi uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori Moliya vazirligi va MTV tomonidan aniqlanadi. Ta'lim muassasasi MTV bilan DXSH to‘g‘risida kelishuv imzolagandan so‘ng, subsidiya olish uchun hududiy moliya organiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
 
Arizaga quyidagi ma'lumotlar ilova qilinadi:

• yuridik shaxsning nomi, pochta manzili va tashkiliy-huquqiy shakli, bankdagi hisob raqamlar rekvizitlari;
• DXSH kelishuvi nusxasi;
• ta'lim muassasasining quvvati, faoliyatining boshlanish sanasi va ota-onalar to‘lovi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma. 

Moliya organi arizani 5 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqadi va uni qanoatlantirish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, bu haqda arizachini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
 
Subsidiyalar ajratish davri xususiy sherik bilan MTV o‘rtasida subsidiyalarni ajratish to‘g‘risida tuzilgan bitimda ko‘rsatiladi.
 
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda xususiy sherik moliya bo‘limiga har oyning 5-sanasiga qadar o‘tgan oyda bolalar bog‘chasiga haqiqatda qatnagan bolalar soni to‘g‘risida ma'lumotni, shuningdek ota-onalar tomonidan to‘langan to‘lov hujjatlarini ilova qilgan holda subsidiyalar olish uchun buyurtmanomani taqdim etadi.  
 
Hududiy moliya bo‘limi taqdim etilgan barcha buyurtmanomalarni umumlashtirib, reestr tuzadi va uni hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tegishli g‘aznachilik bo‘linmasiga to‘lovni amalga oshirish uchun taqdim etadi.
 

Hujjat 22.05.2018 yildan kuchga kirdi. 


Oxirgi o‘zgarish: 22/06/2018 13:00;   Ko‘rilganligi: 559
 
Material manzili: http://samtmtb.uz/oz/news/xususiy-bolalar-bogchasini-rivojlantirishga-subsidiyalar-qanday-olinadi
Chop etilgan vaqti: 26/11/2020 10:58