Bolalarimizning kelajagiga sarflangan sarmoyamiz ularning baxtli hayoti va Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladi
Bugungi kunda tumanda 21 ming 995 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lib, ularning 12 ming 380 nafari 144 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olingan. 3-7 yoshli bolalarni kamrovini 100 foizga yetkazish maqsadida qator rejalar ishlab chiqilgan.
Albatta, ta'lim sohasini isloh qilish bugun hukumatimiz diqqat e'tiborida turgan dolzarb sohalardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan qonunlar, qarorlar qabul qilinib, amaliyotga joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq Samarqand tumanda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta'minlash, bollarni maktab ta'limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etishkabi qator rejali va maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
2021 yil davomida tumanda maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 3-7 yoshli bolalar qamrovini oshirish bo‘yicha sektorlar kesimida “Yo‘l xatirasi” tasdiqlandi. Bunda tumandagi 22 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 24 ta bir yillik majburiy bepul ta'lim guruhi, 6 ta qisqa muddatli guruhlar, 2 ta to‘liq kunli guruhlar, 15 ta mahallaiy byudjet mablag‘lari hisobidan bo‘sh guruhlarni ta'mirlash va boshqa imkoniyatlar hisobidan jami 1960 nafar bola qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Natijada bu ko‘rsatkich 64,6 foizga yetkaziladi.
2020 yil tumandagi 5 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti 432 million so‘mlik issiqlik tizimlarida qayta ta'mirlash ishlari olib borildi. 200 million so‘mga 3 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining tom qismlari ta'mirlangan bo‘lsa, 4 ta DMTTlarida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.
2020-2021 o‘quv yilida mahalliy byudjet hisobidan jami tumanda 5 ta DMTTlar uchun 1 milliard so‘mlik joriy ta'mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda mazkur joriy ta'mirlash ishlarining yakuniy jarayonlari olib borilmoqda. Shuningdek, tumanda 16 ta DMTTlarda 4,5 milliard so‘mlik joriy ta'mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilmoqda.
Olib borilayotgan har bir ish maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish va qamrovni oshirish maqsadida qilinayotgani barchamizga ayon. Shu maqsadda tumanda oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etilganligi hisobidan 1600 nafar bolajon maktabgacha ta'lim sohasiga qamrab olindi va 128 ta xotin-qizlarimiz ish bilan ta'minlandi. Bunda pedagog kadrlarning salohiyati, ularning malakasi ham muhim ahamiyatga ega. Shuni inobatga olgan holda tumanda maktabgacha ta'lim tizimi uchun yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan, ta'lim va tarbiyaning ilg‘or texnologiyalarini o‘zlashtirgan pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash hamda ular bilan tumandagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarini ta'minlash maqsadida DMTTlarda tashabbus ko‘rsatib kelayotgan bir qator ilg‘or tarbiyachilarning ish tajribalarini tuman miqyosida ommalashtirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, inson kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritib ulkan yutuqlarga erishgan Singapur, Janubiy Koreya kabi davlatlar tajribasini bugun ushbu sohaga tatbiq qilish va ilg‘or davlatlar qatoridan joy olish maqsad qilingan. Ha, bolalarimizning kelajagiga sarflangan sarmoyamiz ularning baxtli hayoti va Vatan ravnaqi uchun xizmat qiladi.
Azam BEGMURODOV,
Samarqand tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri
Kiritilgan vaqti: 19/02/2021 16:43; Ko‘rilganligi: 629
Chop etilgan vaqti: 22/03/2023 13:54